RISHTON VA JAHON: XITOYLIK INVESTORLAR TUMANIMIZDA
Investitsiyalar – iqtisodiy taraqqiyotning muhim va strategik omili hisoblanadi. Shu nuqtai nazardan, 21-iyun kuni Rishton tumanida muhim voqea sodir bo‘ldi – Xitoy Xalq Respublikasidan kelgan ishbilarmonlar delegatsiyasi tumanimizga tashrif buyurdi.
Delegatsiyani Rishton tumani hokimi Bahodirjon Xoliqov va tuman investitsiya bo‘limi mas’ullari tantanali tarzda kutib oldi. Hokimlikda tashkil etilgan uchrashuvda savdo-iqtisodiy sohalarda hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi. Muloqot do‘stona va ishonchli ruhda o‘tib, tomonlar o‘zaro manfaatli aloqalarni mustahkamlashga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Xitoylik investorlar tomonidan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va qadoqlashga ixtisoslashgan korxonalar, to‘qimachilik fabrikasi hamda qurilish oynalari ishlab chiqarish sexlarini tashkil etish bo‘yicha rejalar taqdim etildi.
Tashrifning amaliy qismida esa delegatsiya a’zolari tumandagi bir nechta hududlarga borib, loyihalarni joyida o‘rganib, imkoniyatlarni baholadilar.
Uchrashuv yakunida tomonlar bunday muloqotlarni muntazam o‘tkazib borishga kelishib oldilar.